13/10/2025
“UzAuto Motors” AJ avtomobil modellari qatorini kengaytirish hamda mavjud modellarni modernizatsiya qilish bo‘yicha strategik dasturni faol amalga oshirmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil may oyida Xorazm viloyatiga tashrifi davomida berilgan ustuvor vazifalar qatorida “Xorazm Avto” korxonasida yangi modellarning ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish belgilangan.
Tashkil qilinayotgan ishlab chiqarish quvvatlarida kichik biznes va xususiy mijozlarning talab va istaklarini inobatga olgan holda Chevrolet Damas arzon minivenlari yangi versiyasining ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi Chevrolet Damas ixcham, tejamkor va sig‘imdor avtomobil bo‘lib, u shahar ichidagi kundalik harakatlar uchun ham, tijoriy faoliyatda foydalanish uchun ham juda qulaydir. Farqli xususiyatlariga o‘lchamlarning kattalashgani, yuk ko‘tarish qobiliyati va sig‘imning oshgani, shuningdek haydovchi hamda yo‘lovchilar qulayligining sezilarli darajada yaxshilanganidir. Model Chevrolet Damas Move yo‘lovchi versiyasida va Chevrolet Damas Max yuk-yo‘lovchi versiyasida mavjud bo‘ladi.
Yangi model ayni paytdagi joriy Damas versiyasi bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi, bu esa xaridorlarga sinovdan o‘tgan klassik model hamda zamonaviy texnologik yangiliklarga ega yangi avlod avtomobili o‘rtasida erkin tanlov qilish imkonini yaratadi.
UzAuto Motors model qatorini kengaytirish bilan bir vaqtda, eng ko‘p talab etiladigan modellaridan biri Chevrolet Cobalt’ni keng ko‘lamli modernizatsiya qildi. Hozirda mavjud komlektatsiyalariga qo‘shimcha ravishda mijozlarga ikkita yangi Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM versiyalari taqdim etiladi. Ularning har biri kengaytirilgan opsiyalar to‘plami, zamonaviy texnologiyalar, yaxshilangan komfort va yuqori xavfsizlik darajasi bilan ajralib turadi.
Yangi modifikatsiyalar O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa eksport bozorlaridagi Cobalt egalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga asoslanib ishlab chiqildi. O‘zbekiston va xorijdagi respondentlarning 90 foizdan ortig‘i avtomobilni zavod bosqichidanoq zamonaviy funksiyalar va kengaytirilgan komplektatsiyalar bilan ta’minlash zarurligini bildirgan. Natijada yangilangan Cobalt ilgari mavjud bo‘lmagan 12 ta yangi opsiya bilan jihozlandi. Ushbu yangiliklar avtomobildan foydalanish qulayligini oshirib, modelning texnologik imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirdi. Modernizatsiya jarayonida avtomobilning dvigateli yangilandi, ABS tizimi takomillashtirildi, shuningdek, dvigatel va uning tizimlarini boshqaruvchi yangi blok o‘rnatildi. Bundan tashqari, xavfsizlik yostiqchalari va himoya funksiyalari uchun zamonaviy boshqaruv bloklari, hamda yangi avlod diagnostika moduli joriy etildi. Mijozlar uchun Android Auto va Apple CarPlay’ni qo‘llab-quvvatlaydigan sensorli multimedia tizimi, kruiz-kontrol tizimi, eko-charmdan qilingan o‘rindiqlar, old o‘rindiqlarning isitish funksiyasi, yangi asboblar paneli hamda multimedia va kruiz-kontrolni boshqarish tugmalari bilan jihozlangan rul, shuningdek, interyerning yangi dekorativ elementlari kabi bir qancha yangi opsiyalar mavjud bo‘ladi. Jami 50 dan ortiq asosiy avtomobil komponentlari yangilandi.
Chevrolet Cobalt modelini rivojlantirishning keyingi bosqichi esa avtomobilning tashqi ko‘rinishini (feyslift) o‘zgartirish bo‘lib, “UzAuto Motors” mutaxassislari bu yo‘nalishda ishlarni allaqachon boshlashgan.
Yangi Chevrolet Cobalt modifikatsiyalarining ishlab chiqarilishi mavjud komplektatsiyalar bilan parallel ravishda yo‘lga qo‘yildi. Endi mijozlar jihozlanish darajasi va funksionalligi bilan farqlanuvchi Cobalt’ning to‘rt xil modifikatsiyasidan birini tanlash imkoniyatiga ega. Avtomobillarning narxlari hamda sotuv boshlanishi sanalari bo‘yicha batafsil ma’lumot keyinchalik e’lon qilinadi.