13/02/2026     25     Yangiliklar

UzAuto Motors hamkorligida yosh avtoustalar uchun tanlov tashkil etildi

Bugun Namangan shahrida bo‘lib o‘tayotgan II Xalqaro Avto festival doirasida, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari asosida Namangan shahar hokimiyati va “O‘zavtosanoat” AJ hamkorligida “Eng yaxshi avtousta” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Mazkur tanlov iqtidorli yosh ustalarga o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyish etish, kasbiy mahoratini sinovdan o‘tkazish, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ishlab chiqarish va texnik sohalar uchun raqobatbardosh, malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida tashkil etildi.

Tanlov avtomobillarni diagnostika qilish va elektr tizimlarini ta’mirlash, kuzov, payvandlash va bo‘yoq ishlari, shuningdek, dvigatel hamda yurish qismini ta’mirlash yo‘nalishlarida o‘tkazildi. Har bir yo‘nalishda ishtirokchilar nazariy bilim bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarini ham sinovdan o‘tkazib, zamonaviy servis talablari asosida ishlash mahoratini namoyish etdilar.

Tanlov yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha eng yuqori natija qayd etgan avtoustalar maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi. Ushbu tashabbus avtomobil servis sohasi rivojiga hissa qo‘shish bilan birga, yosh mutaxassislarni rag‘batlantirish va ularning kasbiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.